O‘zbekiston Milliy matbuot markazida pochta aloqasi milliy operatori – “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
“O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati pochta va kurerlik jo‘natmalarini tarqatish va yetkazib berish, pul o‘tkazmalari, davlat pensiya va nafaqalarini to‘lash uchun mo‘ljallangan pochta aloqasi hamda pochta xizmati obyektlarining keng tarmog‘ini tashkil etadi. Shu bois sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy operator faoliyatining muhim yo‘nalishidir.
“O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktorining birinchi o‘rinbosari X. Tojiboyevaning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallari, shuningdek, 24 kasb-hunar kollejida soha kadrlari tayyorlanmoqda.
Matbuot anjumanida “O‘zbekiston pochtasi” bozor raqobati sharoitida xodimlar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi. Pochta xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy biznes maktabining Korporativ boshqaruv markazi, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining kadrlar malakasini oshirish markazi va boshqa muassasalarda malaka oshirmoqda.
Shuningdek, kompaniyada “elektron pul o‘tkazmalari”, “to‘lovlarni qabul qilish”, “pensiya va nafaqalar to‘lanishini hisobga olish”, “ro‘yxatga olinadigan pochta jo‘natmalarini o‘tkazishni monitoring qilish” kabi avtomatlashtirilgan tizimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. 2014-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan xalqaro aviajo‘natmalar yo‘nalishlari rejasini tuzishning avtomatlashtirilgan tizimi dasturi ishga tushirildi.
Pochta aloqasi mutaxassislarining malakasini yanada oshirish, kasb-hunar kollejlarining 1,9 mingdan ziyod va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 890 bitiruvchisini pochta aloqasi, iqtisodiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, buxgalteriya, menejment va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha ish bilan ta’minlash pochta aloqasi milliy operatorining 2015–2019-yillardagi ustuvor vazifalari hisoblanadi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Izoh (0)