18-aprel kuni Qozog‘istonning Olma-ota shahri metropolitenining yagona yo‘lidagi bekatlar ikkitaga ko‘payib, ularning jami soni 9 taga yetdi, deb xabar bermoqda “Nur.kz”.
Ochilish marosimida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev va Olma-ota shahri akimi Axmetjan Yesimov ishtirok etib, yangi “Sayran” bekatidan yangi “Moskva” bekatigacha metroda bordi.
Metro yo‘lining qolgan qismi singari, yangi bekatlar ham Abay ko‘chasi ostida joylashgan. “Sayran” bekati Brusilovskiy va Tlendiyev ko‘chalari orasida, “Moskva” bekati esa Utegen batir va Altinsarin ko‘chalari o‘rtasida joylashgan. Ikkala bekat qurilishi ham 2014-yilda yakunlangan, keyin qo‘shimcha ishlar bajarilgan.
Yangi bekatlar dizayni avvalgilaridan farq qiladi. “Moskva” bekati Moskva metrosidagi “Olma-ota” bekatiga javob tariqasida qurilgan bo‘lib, dizaynda Kreml devorlari uslubidan foydalanilgan. “Sayran” esa yoshlarbop, lekin oddiyroq dizaynga ega. Ikkala bekatda ham ikkitadan lift va sakkiztadan eskalator bor.
Poyezdlar kelishi oralig‘i tig‘iz vaqtlarda 10 daqiqani, boshqa vaqtlarda 13 daqiqani tashkil etadi. Metro jetoni narxi — 80 tenge (0,43 dollar). Jetonlar faqat sotib olingan kunda amal qiladi, ertasiga ishlatib bo‘lmaydi. Faqatgina haftaning chorshanba kunlari maxsus quti orqali eski jetonlardan ham foydalanish mumkin.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda yagona bo‘lgan Olma-ota metropolitenining ilk qatnovi 2011-yil 1-dekabrdan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, shaharning markaziy Abay ko‘chasi ostida harakatlanadi. 2017—2019-yillarda birinchi yo‘lning ikkinchi qatnovi uchinchi majmuasini qurish rajalashtirilmoqda, jumladan, “Dostik” va “Sariarka” bekatlari quriladi.
Izoh (0)