Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmi” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, mutaxassislar, o‘qituvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat qurilishi va jamiyatni rivojlantirishning, ichki va tashqi siyosatning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganini ta’kidladi.
“O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmi” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanma inson huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Yangi nashrda milliy qonunchilik asoslari, O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro hujjatlar, O‘zbekistonda huquqiy targ‘ibot tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Izoh (0)