Xorazm viloyati Yangiariq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholini ijtimoiy muhofaza qilish, pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish, tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga izchil e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Zamonaviy va milliy arxitektura andozalari asosida qad rostlagan bino qurilishi “Yangiariq ta’mir marmar quruvchi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan amalga oshirildi. Qurilish-ta’mirlash va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga 850 million so‘m mablag‘ sarflandi. Xonalar ketma-ketligi fuqaroning vaqtini tejash va qisqa muddatda xizmat ko‘rsatishga moslashtirilgan.
– Mamlakatimizda pensiya jamg‘armasi sohasini tubdan takomillashtirish, uni zamonaviy talablarga moslash, pensionerlarga yanada qulay sharoitlar yaratish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda, – deydi pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi boshlig‘i Umidbek Bekjonov. – Zamonaviy uslubda qurilib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan bino ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yanada yaxshilash imkonini beradi.
Izoh (0)