2015-yil 15-aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Furqat Xalilov hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi boshqaruvi raisi Svetlana Inamova oziq-ovqat tarqatish dasturiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi. Bu haqda AQSh elchixonasi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
112 tonna to‘yintirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekiston bo‘ylab 20 000 nafar kishiga tarqatishga mo‘ljallangan ushbu dastur O‘zbekiston hukumati va boshqa tashkilotlar hamkorligida USAID tomonidan amalga oshirilmoqda.
Oltinchi davri boshlangan mazkur dastur taqdimotida Mehnat va ijtimoiy muhofaza qilish, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, AQSh elchixonasi va Resource and Policy Exchange, Inc. va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
2015-yil noyabr oyiga qadar davom etadigan dastur imkoniyati cheklangan bolalar, sil kasalligiga chalinganlar hamda O‘zbekistondagi boshqa tibbiyot muassasalaridagi bemorlarning ovqatlanishini yaxshilashga yordam beradi. Qiymati 311 441 AQSh dollari bo‘lgan mazkur yordam 119 mahalliy muassasalardagi mijozlar, jumladan “Muruvvat” va “Saxovat” uylari hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalaridagi bemorlarga qaratilgan.
U vitamin va minerallarga boy quritilgan sabzavotlardan iborat bo‘lib, ulardan davolanuvchilar uchun taom tayyorlanadi. “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi ushbu oziq-ovqat vositalarini tegishli tashkilotlarga yetkazib beradi va ularning tarqatilishini nazorat qiladi.
Izoh (0)