Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan “Umid nihollari — 2015” sport musobaqalari ishtirokchilari uchun Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialiga qarashli barcha qulayliklarga ega talabalar turarjoyi qurib bitkazildi. U musobaqa arafasida foydalanishga topshiriladi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi.
“Mirmaksindustriya” MChJ quruvchilari tomonidan bunyod etilgan 160 o‘rinli turarjoy binosining qurilish ishlariga jami 7 milliard 745 million so‘m mablag‘ sarflandi. Yotoqxonaning birinchi qavatida 3 o‘rinli 12 ta xona, 2- va 3-qavatlarda 3 o‘rinli 20 ta xona bor. E’tiborlisi, har bir xonada yuvinish uchun sharoit yaratilgan. Birinchi qavatda tibbiyot xodimlari va nogironlar uchun bittadan xona ajratilgan. Shuningdek, har bir qavatda dam olish uchun foye, o‘quv zali, kir yuvish va dazmollash xonalari tashkil etilgan.
Bu yerda yashovchilarning mazmunli dam olishi uchun so‘nggi rusumdagi 5 ta televizor keltirildi. Shuningdek, turarjoyga 7 ta muzlatkich o‘rnatildi.
“Qurilish jarayonida shartnoma asosida ishlashni istab kelgan hamyurtlarimiz soni 120 nafarga yetdi, — dedi bino qurilishiga bosh-qosh bo‘lgan, bir kam 60 yoshni qarshilagan usta quruvchi Davlatmurod Sobirov. — Ularga 1,5 million so‘mgacha maosh berildi. Buni qarangki, bir bino qurilishi tufayli viloyatimizga ham, oilalarimizga ham fayz kirdi”.
Ayni kunlarda Urganch olimpiya zaxiralari sport kolleji, Urganch tibbiyot kolleji hamda Urganch davlat universitetiga qarashli talabalar turarjoylarida ham so‘nggi ta’mirlash va pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)