Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Barak Obama Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Tabrik matni O‘zA tomonidan e’lon qilingan.
“Siz Prezident lavozimida navbatdagi muddatda ish boshlayotganingiz munosabati bilan Sizga va O‘zbekiston xalqiga tinchlik va ravnaq tilayman. Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasida mushtarak manfaatlar mavjud bo‘lib, ular o‘zaro munosabatlarimizning mustahkam va izchil rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, biz ko‘plab umumiy tahdidlarga ham duch kelmoqdamiz. O‘zaro hamkorligimiz ikki tomonlama munosabatlarimiz kengayishiga, sherikligimiz xalqlarimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Bugungi tahlikali dunyoda doimiy barqarorlik va xavfsizlikka demokratik va mas’uliyatli boshqaruvsiz, jumladan, asosiy huquq va erkinliklarga rioya qilmasdan erishib bo‘lmaydi. Prezident lavozimida yangi muddatdagi faoliyatingizda ushbu muhim masalalar bo‘yicha Siz bilan hamkorlikni davom ettirish niyatidaman. Amerika xalqi nomidan O‘zbekiston xalqiga ezgu istaklarimni yo‘llab, mamlakatingizga tinchlik va taraqqiyot tilayman”, − deyiladi tabrikda.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga binoan Islom Karimovga saylovchilarning 90,39 foizi ovoz bergani ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)