Urganch shahrida qonunga xilof ravishda valyuta qimmatliklarini olish va o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslarni aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan tadbirda ona-bolaning qilmishi fosh etildi, deb xabar beradi “Huquq” gazetasi.
Ular “Markaziy dehqon bozori” MChJ hududida tadbirga jalb qilingan fuqarodan 305 ming so‘mga qayta sotib, foyda ko‘rish maqsadida 100 AQSh dollarini sotib olgan paytda departament xodimlari tomonidan ushlandi.
Ularning yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda farzanddan 3 million 516 ming so‘m pul, onasidan esa 500 ming so‘m, 500 AQSh dollari, 2000 Rossiya rubli va 1000 qozoq tengesi topildi. Shuningdek, yigitga tegishli Matiz rusumli avtomashina salonida 15 million 500 ming so‘m va yukxonasidan 6 million so‘m pul borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Ushbu holat bo‘yicha ona-bolaga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalair asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sudda ko‘rib chiqildi. Sud hukmi bilan yigit eng kam oylik ish haqining 75 baravari, onasi esa eng kam oylik ish haqining 50 barobari miqdorida jarima jazosiga tortildi. Ashyoviy dalil sifatida olingan pul va avtomobil davlat hisobiga o‘tkazildi.