O‘zbekistonlik Sabina Mustayeva Rossiyaning Birinchi kanali tomonidan tashkillashtirilayotgan “Golos. Deti” loyihasining yarim finalidan o‘ta olmadi, biroq finalga chiqish uchun yana bir imkoniyatga ega bo‘ldi, deb xabar bermoqda UzDaily.
Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan Sabina Maksim Fadeyevning jamoasidan o‘rin olib, keyin yarim finalga chiqishni ham uddalagan edi. Biroq yarim finalda Fadeyev tanlagan ikki ishtirokchi orasidan Sabina joy olmadi.
Ammo, Birinchi kanal yana bitta saralash bosqichini o‘tkazib, finalga o‘tolmagan o‘n nafar iste’dodli ishtirokchiga yana bir imkoniyat berishga qaror qildi, ularning orasida Sabina Mustayeva ham bor. Ushbu bosqich 10-aprel kuni jonli efirda bo‘lib o‘tadi va unda ishtirokchilar faqatgina teletomoshabinlarning qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlari bilan baholanadi. Ovoz berishdan tushgan barcha mablag‘ xayriya maqsadida ishlatilishi aytilgan. Loyiha finali 17-aprel kuni jonli efirda bo‘lib o‘tadi.