2013-yil 27-dekabr kuni Namangan viloyati Chortoq tuman hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tgach, “Chortoq lola yog‘dusi” MChJni tashkil etib, ish boshlagan fuqaro qonunga zid xatti-harakatlarga berilib ketdi, deb xabar beradi “Huquq” gazetasi.
U “Xalq banki”ning Uchtepa tumani filialida ochilgan hisob raqami orqali qisqa vaqtda, ya’ni 2,5 oy muddatda qariyb 6 million so‘mlik debet va kredit aylanmasini noqonuniy amalga oshirdi. Yana 3 million 350 ming so‘mlik mahsulotlarni naqd pulga sotib, tushumni nazorat-kassa mashinasiga ham kirim qilmadi, bankka ham topshirmadi.
Tegishli qonun hujjatlari talablariga zid ravishda tuzilgan o‘zaro pudrat shartnomalariga asosan, Sirdaryoning Guliston shahridagi “Shahnoza Fayz nur” MChJ, Andijonning Baliqchi tumanidagi “Hayot”, “Baliqchi orzulari”, “Shodlik hamkor baraka”, Andijon shahridan ro‘yxatdan o‘tgan “Transport quruvchi asad” xususiy korxonalari, Toshkent shahridan ro‘yxatdan o‘tgan “Sardor stroy plyus” MChJ, shuningdek, Marg‘ilon va Chortoqdagi qator korxonalarda turli hajmlardagi ishlarni bajarmay, hujjatlarni qalbakilashtirgan holda o‘zining shaxsiy manfaatlarini qondirdi.
Uning qilmishlari insonparvarlik tamoyillari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2014-yil 14-noyabrdagi amnistiya to‘g‘risidagi qarori asosida baholandi, deyiladi manbada.