O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining 2014-yil 7-oktabrdagi bayonnomasiga asosan, bir qiz Navoiy Davlat konchilik institutining birinchi bosqichiga to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilinib, unga 2014-yilning 31-oktabriga qadar o‘qish uchun to‘lovni amalga oshirish belgilangan edi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Shundan so‘ng, qiz 2014-yil 30-oktabr kuni institut bilan tuzilgan shartnoma shartlarini bajarish uchun o‘zi yashaydigan hududdagi bank filiallaridan biriga plastik kartochka orqali 2 million 525 ming so‘mlik to‘lovni amalga oshirdi. Biroq ushbu mablag‘ning institut hisob raqamiga o‘tkazilishi sababsiz kechiktirilib, pul 2014-yil 10-noyabr kuni tushirildi. Shu sababli qiz institutga o‘qishga qabul qilinmay qoldi.
Prokuraturaning aralashuvi bilan xatolikka yo‘l qo‘ygan bank xodimlari intizomiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Navoiy Davlat konchilik instituti rektori nomiga xabar berildi.
Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan inobatga olinib, ushbu qiz institut konchilik fakultetining 1-bosqichiga qabul qilindi.
Izoh (0)