1-2-aprel kunlari soat 11:00 va soat 14:00 da Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “ODO” tikish-bichish o‘quv kurslari o‘quvchilarining yillik hisobot namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi yetakchi mutaxassisi Feruza Fuzaylova xabar berdi.
Mazkur an’anaviy liboslar ko‘rgazmasi har yili bahor faslining ilk oylarida o‘tkaziladi. Bu yil ham o‘quvchi qizlar eng yaxshi kundalik liboslar, eng yaxshi ustki kiyimlar, eng yaxshi bayramona liboslar, eng yaxshi sport kiyimlari, eng yaxshi oqshom liboslari, eng yaxshi oshxona kiyimlari va anjomlari, eng yaxshi bolalar kiyimi, eng yaxshi to‘qilgan libos, eng yaxshi kelin ko‘ylaklari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha bir yil davomida qo‘lga kiritgan bilimlarini o‘z ijodiy ishlari orqali namoyish etdi.
Har bir nominatsiya bo‘yicha uchta o‘rin belgilangan bo‘lib, hakamlar hay’ati tomonidan liboslar chokining tekisligi, ijodiy yangiliklari, aksessuarlarning to‘g‘ri tanlanganligiga qarab baholandi.
Tadbir so‘ngida eng yaxshi deb topilgan ijodiy ish sohibalari va namoyishda faol ishtirok etgan bir qator qizlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar va markaz qoshidagi raqs to‘garaklari chiqishlari kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Izoh (0)