Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Islom Karimovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga qayta saylangani munosabati bilan tabrikladi, deb xabar bermoqda Ozarbayjon Davlat axborot agentligi.
“G‘alabangiz O‘zbekistonning birodar xalqi Siz uzoq vaqtdan buyon olib borayotgan chuqur o‘ylangan, davomli siyosatingizni qo‘llab-quvvatlashidan dalolat beradi. Bugun O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, demokratiya, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. O‘zbekiston jahon hamjamiyatida munosib o‘ringa ega, uning xalqaro miqyosdagi nufuzi oshib bormoqda.
Ozarbayjonda xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p asrlik yaxshi an’analarni rivojlantirish va ko‘paytirishga qo‘shgan hissangiz yuksak qadrlanadi. Aminmanki, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sherikchilik bundan keyin ham birodar xalqlarimiz va mamlakatlarimiz taraqqiyoti yo‘lida har tomonlama va izchil rivojlanadi”, − deyilgan tabrikda.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga binoan Islom Karimovga saylovchilarning 90,39 foizi ovoz bergani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq, Islom Karimovni O‘zbekiston Prezidenti saylovidagi g‘alaba bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov tabriklagani xabar berilgan edi.
Izoh (0)