O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan xalqaro kuzatuvchilar saylov xalqaro normalar va demokratik tamoyillar asosida o‘tayotganini ta’kidlamoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Igor Borkovskiy, MDH kuzatuvchilari missiyasi a’zosi:
“Qoraqalpog‘iston Respublikasiga birinchi marta kelishim. Bu yerda ham saylovga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilgan. Qaysi uchastkada bo‘lmayin, saylovchilarning faolligini ko‘rmoqdaman. Ayniqsa, ovoz berayotganlar orasida yoshlar ko‘pchilik ekani ularning mamlakatda kechayotgan siyosiy jarayonlarga befarq emasligidan dalolat beradi”.
Yevgeniya Maxmutova, xalqaro kuzatuvchi (Rossiya):
“Navoiy viloyatida erta tongdan boshlangan siyosiy jarayonlarni kuzatib, uchastka saylov komissiyalarining tayyorgarligi, saylovchilarning kayfiyati ko‘tarinkiligi, ayniqsa, birinchi marta ovoz berayotgan yoshlardagi o‘zgacha qiziqish va hayajonni ko‘rdim. Eng muhimi, saylov ochiq-oshkora, yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tmoqda. Har kim o‘zi munosib deb bilgan nomzodni saylamoqda. Bu xalqaro talablarga to‘la mos keladi va hech qanday shubhali holatlarni uchratmadim.
Ilk marta saylovda ishtirok etayotgan yoshlarning ushbu siyosiy tadbir mamlakat taqdiri uchun naqadar muhim ekani xususidagi fikrlarini eshitib, ularning bilimi, mas’uliyatni his etishi, eng muhimi, yuz-ko‘zida ufurib turgan ishonch va qat’iyatdan juda hayratlandim”.
Izoh (0)