MDH va Sharqiy Yevropa mamlakatlari instituti direktori, Saylov tizimlarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro markaz prezidenti Aleksandr Sinker O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rilganini qayd etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov qo‘mitasining rasmiy saytida xabar berildi.
“Saylov tizimining zamon talablari asosida shakllangani, bu borada xalqaro normalarga javob beradigan qonunlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilayotgani mamlakatingizning ulkan yutug‘idir. Saylovchilarning erkin, yashirin ovoz berishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Buni men Toshkent shahridagi bir qancha saylov uchastkalari misolida ko‘rdim.
Yana bir jihat e’tiborimni tortdi: saylov uchastkasiga kelish imkoniga ega bo‘lmagan kishilarning uyiga maxsus ko‘chma qutilar olib borilar ekan. Bu xalqingizga xos insonparvarlik va bag‘rikenglik, saylov tizimidagi tenglikning yana bir ifodasidir.
O‘zbekistonda yosh avlod tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor tahsinga loyiq. Mamlakatingizning yoshlarga oid davlat siyosati boshqalar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Yoshlarning keksalarga ko‘rsatayotgan hurmat va ehtiromidan hayratlandim. Odamlarning bir-biriga go‘zal muomalasini ko‘rib, xalqingizning madaniyatiga havas qildim.
Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi qadimiy shaharlardagi me’moriy obidalarni ziyorat qilish baxtiga muyassar bo‘lganman. Mamlakatingizda ajdodlaringizning boy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, madaniy yodgorliklarni ta’mirlash va asrab-avaylash, shahar va qishloqlar infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samaralarini bermoqda”.
Izoh (0)