Toshkent vaqti bilan soat 20.00 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarida ovoz berish yakunlandi. O‘zbekiston Respublikasining Yevropa davlatlari va AQShdagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni davom etmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda 18 million 928 ming nafardan ziyod saylovchi ishtirok etdi. Bu jami saylovchilarning 91 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida xalqaro kuzatuvchilar, O‘zbekiston va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda shu haqda ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida” va “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarda mustahkamlangan xalqaro demokratik norma hamda prinsiplarga rioya etilgan holda ochiq va oshkora o‘tgani ta’kidlandi.
Ayni paytda saylov uchastkalarida har bir nomzod uchun berilgan ovozlar sanab chiqilmoqda. Ovozlarni sanab chiqishda saylov uchastkalarida siyosiy partiyalardan 35 ming nafardan ziyod kuzatuvchi, xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Saylov davomida joylardan saylov qonunchiligi buzilishi haqida xabar kelib tushmadi.
Ertaga, 30-mart kuni bo‘lib o‘tadigan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalari e’lon qilinadi. Shu kuni xalqaro kuzatuvchilar missiyalari ham matbuot anjumanlari o‘tkazadi.
Izoh (0)