O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari saylov uchastkalarida bo‘lib, ovoz berish jarayonini kuzatmoqda, deb xabar berdi O‘zA.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi kuzatishimni Toshkent shahridagi 471-saylov uchastkasidan boshladim”, – dedi Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) kuzatuvchilari missiyasi rahbari, IHTning siyosiy departamenti direktori Ali Abolhassaniy. – “Saylovchilar erta tongdanoq saylovga xushkayfiyatda, ko‘tarinki ruhda, faol kelayotganini ko‘rib, mamlakat taqdiriga, uning kelajagiga daxldorlik tuyg‘ularini astoydil his etishlarini angladim. Bu mamlakatingizda demokratik tamoyillar mustahkam qaror topayotganidan darak beradi.
Saylov jarayoniga puxta tayyorgarlik ko‘rilganiga, fuqarolarning erkin va faol ovoz berishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilganiga guvoh bo‘ldim. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda Prezident saylovi yuksak saviyada, ochiqlik va oshkoralik ruhida o‘tmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni kuzatib boraman. O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Mamlakatingiz yuksak iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishib, dunyo hamjamiyatining e’tiborini qozonmoqda. Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston bilan tashkilotimiz o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotgani bizni g‘oyat quvontiradi. O‘zaro aloqalarimizni yanada mustahkamlash, iqtisodiy sohadagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni faollashtirish tarafdorimiz”.
Izoh (0)