O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish maqsadida mamlakatimizga kelgan Yaponiya Markaziy Osiyo va Kavkazni o‘rganish instituti ijrochi direktori Tetsuji Tanaka Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi, deb xabar bermoqda O‘zA.
1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi raisi K.Karimov mehmonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi jarayonlarining borishi, okrug saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida tuzilgan 589 saylov uchastkasining barchasida ovoz berish uchun zarur sharoit yaratilgan. Ayrim saylovchilar milliy qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgan muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanmoqda.
Xalqaro kuzatuvchi Tetsuji Tanaka Nukus shahri va Mo‘ynoq tumanidagi saylov uchastkalarida tashkil etilgan ona va bola, tibbiyot xonalarining jihozlanishini ko‘zdan kechirib, saylov komissiyasi faoliyati bilan bog‘liq savollariga javoblar oldi. I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyidagi tarixiy va madaniy merosimiz namunalarini tomosha qildi.
– Men qoraqalpoq diyorida birinchi marta bo‘lmoqdaman, – deydi Tetsuji Tanaka. – Saylovga tayyorgarlik a’lo darajada. Eng chekka Mo‘ynoq tumanidagi saylov uchastkalarida ham saylovchilar uchun barcha sharoit yaratilgani e’tiborimni tortdi. Mo‘ynoq va Orol dengizi haqida ilgari ham yetarli ma’lumotga ega edim. Ammo bu yerda o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarim taassurotlarimni yanada boyitdi. Mo‘ynoq muzeyidagi Orol dengizining oldingi va hozirgi holati haqidagi eksponatlar hech kimni befarq qoldirmaydi.
Izoh (0)