Beeline mobil aloqa operatori Make Your Mark (O‘z izingni qoldir) global ijtimoiy tashabbusi doirasida “Uchinchi avlod” tashqi ta’lim dasturini boshlamoqda. Bu haqda kompaniya vakillari 26-mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
2015-yilda loyiha doirasida Beeline’ning tijorat, texnik, axborot texnologiyalari, jamoatchilik bilan ishlash va tashkiliy rivojlantirish, yuridik xizmat bo‘limlariga yaxshi akademik natijalarga ega bo‘lgan III va IV kurs talabalari amaliyot o‘tash uchun qabul qilinadi.
Amaliyot natijalari bo‘yicha eng muvaffaqiyatli talabalarga oliygohdagi o‘qish bilan kelishtirilgan holda individual ish tartibi, kelajakda esa Beeline’da doimiy ish o‘rni taklif qilinadi. “Uchinchi avlod” doirasida amaliyot o‘tash 2015-yilning iyun−avgust oylariga rejalashtirilgan.
Dasturning saralash bosqichiga Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filiali talabalari taklif etildi.
Shu paytgacha Beeline’da amaliyot o‘tagan 80 talabadan 27 nafari ishga qabul qilingan bo‘lib, ularning katta qismi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchilaridir. Bu yilgi amaliyotdan 16 nafar yangi xodimni ishga olish rejalashtirilgan.
Izoh (0)