Venesuela hukumati tarafdorlari AQSh prezidenti Barak Obamaning Venesueladagi vaziyat AQSh uchun tahdid deya e’lon qilingan buyrug‘ini bekor qilishga qaratilgan kampaniya doirasida 1 milliondan ortiq imzo to‘pladi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
“Biz 10 million imzo yig‘ib, ularni AQSh prezidentiga topshirmoqchimiz”, − dedi Karakas shahri meri Xorxe Rodriges. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha Twitter’dan kampaniyani qo‘llab-quvvatlash aks etgan 2,6 milliondan ortiq xabar qabul qilingan.
Kampaniya o‘tgan haftada boshlangan bo‘lib, butun mamlakat bo‘ylab fuqarolar o‘z imzolarini qoldirishi mumkin bo‘lgan 14 mingta punkt tashkil qilingan. Venesuela prezidenti Nikolas Maduro ushbu buyruqni bekor qilishni qo‘llab-quvvatlab imzo qoldirgan birinchi kishi bo‘lgan. To‘plangan imzolarni Maduro 10−11-aprel kunlari Panamada bo‘lib o‘tadigan Ikkala Amerika sammitida Barak Obamaga topshirmoqchi.
Izoh (0)