O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 20-mart kuni Sirdaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasi raisi Sh. Mamatqulov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili N. Soatov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Saylovoldi dasturida ma’naviy-ma’rifiy sohada islohotlarni chuqurlashtirish muhim vazifa sifatida belgilangan. Unda, jumladan, O‘zbekiston xalqining tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron avlod orasida keng targ‘ib qilish, O‘zbekiston tarixini xolislik tamoyillari asosida uzluksiz va tizimli o‘rganish, yoshlar ongini mentalitetimizga yot bo‘lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida ularni milliy tiklanish g‘oyasi, milliy madaniyat va qadriyatlarni e’zozlash, kamol topib kelayotgan avlodni, birinchi navbatda, kitobga muhabbat va hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga doir ustuvor vazifalar o‘z ifodasini topgan.
Uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Xovos tumani kengashi raisi R. Bahriddinov va boshqalar nomzodning dasturi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)