Normand orollari tarkibiga kiruvchi eng yirik – Jersi orolida The Polar Capital deb nomlangan shaxmat festivali o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Jersey International Chess Tournament musobaqasida o‘zbekistonlik Jahongir Vohidov (2508) ham muvaffaqiyatli ishtirok etyapti. Uchinchi raqam ostida tasniflangan Vohidov hozircha o‘tkazilgan 8 ta partiyadan so‘ng 6,5 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida yakka peshqadamlik qilyapti.
Samarqandlik yosh grossmeyster kecha bir yo‘la 2 ta partiyada dona surdi. U avvaliga 7-tur bahsida qora donalarda angliyalik grossmeyster Mark Ebden bilan durang o‘ynadi. Keyin esa 8-turda litvalik Eduardis Rozentalisni mot qildi. Rozentalis xalqaro grossmeyster bo‘lib, reytingda Vohidovdan yuqorida turgandi. Boz ustiga hamyurtimiz kuchli raqibini qora donalarda mag‘lub etishning uddasidan chiqdi.
Bugun xalqaro turnirda so‘nggi 9-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Kamida durang natija Jahongir Vohidovga ushbu musobaqa g‘olibligini taqdim etadi. Bugun iste’dodli shaxmatchimiz oq donalarda angliyalik Jovanka Xyuzkaga qarshi bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, shveysarcha tizimda 9 ta turdan iborat turnirda jami 24 nafar shaxmatchi o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazyapti. Musobaqada g‘olib chiqqan shaxmatchiga 1,5 ming yevro mukofot puli taqdim etiladi.
Izoh (0)