Qoraqalpoq elining iste’dodli san’atkori aktrisa Shahzoda Matchonova bilan suhbatlashar ekanmiz, uning ichki dunyosi tashqisidan-da go‘zalroq ekaniga amin bo‘ldik, deb xabar beradi “Darakchi.uz”.
Shahzoda 2014-yilning eng yaxshi aktrisasi nomiga loyiq aktrisalar qatoriga qo‘shishganidan xursand ekanligini ma’lum qildi: “Avvalgi yillarga nisbatan kamroq ijod qilgan bo‘lsam-da, e’tiborsiz qoldirishmagani menga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. 2015-yilda menga ishongan va ijodimga hurmat bilan qaraganlarning ishonchini oqlashga chin dildan harakat qilaman. 2014-yilning eng yaxshi aktrisasi nomiga Asal loyiq topilganidan juda xursand bo‘ldim”.
Aktrisa o‘z faoliyatidagi ilk salbiy roli — “Sarob” filmidagi roli haqida fikr bildirdi: “Tomoshabinni ishontira olganimdan xursandman. Aslida bu rolga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rganman. O‘zbek va xorijlik hamkasblarimning rollarini kuzatib, ulardan nimadir o‘rganishga harakat qilardim. Ishonsangiz, filmdagi qahramonim ichkilik ichib, o‘zini o‘limga mahkum qiladigan sahnasini bir dublda suratga olganmiz. Balki bunga xarakterimga juda zid bo‘lgan ayol obraziga shu qadar kirishib ketganim sabab bo‘lgandir. Tasvirga olish ishlarida yurakdan, maza qilib ishlaganman. “Sarob” repertuarimdagi eng sevimli filmlarimdan biri”.
Aktrisa rejissyor Zulfiqor Musoqov bilan hamkorlik haqida quyidagi fikrlarni bildirdi: “Aslida ham ijodim davomida kutgan va sodir bo‘lgan yoqimli voqealardan biri bu Zulfiqor Musoqovning filmida suratga tushganim bo‘ldi. Aslida kinoga kirib kelishimga qaysidir ma’noda shu rejissyor sababchi, deb bilaman. Aynan Zulfiqor Musoqov ko‘p yillar ilgari meni sinash uchun kastingga taklif qilgan edi. Yetti yil deganda kutgan hamkorligim amalga oshdi. Ilk bor lirik komediya janrida o‘zimni “Novda” filmida sinab ko‘rdim. Ssenariyni birinchi marta o‘qiganimda “Bu qo‘limdan keladimi” degan savolni o‘zimga-o‘zim ko‘p bora berdim. Ammo Zulfiqor Musoqov aktyor bilan ishlashni yaxshi biladigan rejissyor, u bizga katta yordam berdi”.
Aktyor uchun marra nima ekanligi haqidagi savolga Shahzoda aktyor marraga haqiqatan ham charchaganda yetib keladi, deb hisoblashini aytdi: “To‘g‘ri, kinodan ketish juda qiyin. Uning sehri insonni ipsiz bog‘lab qo‘yadi. Ammo aktyor ishlashni unutsa, ijodkorga emas, qo‘g‘irchoqqa aylansa, bu juda katta fojia va shu orqali u o‘zi bilmagan holda siz aytgan marra chizig‘ini bosadi. Oradagi ikki yillik tanaffusim sabablaridan biri ham shu deyishim mumkin”.
Aktrisaga, shuningdek, 20, 30 yildan so‘ng o‘zini san’atda ko‘ra olish-olmasligi bilan bog‘liq savol berildi: “Albatta (kuladi). Yaxshi niyat — yarim davlat”.
Suhbat so‘ngida Shahzodaning vaqt o‘tib unga talab kamayishidan qo‘rqish-qo‘rqmasligi bilan qiziqishdi. “Menga bo‘lgan talabning kamayishi muhim emas desam, birinchi o‘rinda o‘zimni aldagan bo‘laman. Har bir ijodkor kabi men uchun ham doimo ijod olamida bo‘lish, takliflar qurshovida qolish muhim”, — deya javob berdi aktrisa.
Izoh (0)