Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev 93 yoshida vafot etgan Ikkinchi jahon urushi faxriysi Kamoljon Turg‘unovning yaqinlariga hamdardlik bildirdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
“Stalingrad jangi qahramoni Kamoljon Turg‘unovning vafoti haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. U uch oy mobaynida Pavlov uyini muhofaza qilgan 20 ga yaqin askarlar orasida edi. Kamoljon Turg‘unov Ukraina, Belorussiya, Ruminiya va Vengriyaning ozod qilinishida ham qatnashgan. Ushbu qayg‘uli kunda Kamoljon Turg‘unovning qarindoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz. Uning ismi doimo xotiramizda qoladi”, − deyiladi ta’ziya maktubida.
Eslatib o‘tamiz, 16-mart kuni Ikkinchi jahon urushida Volgograd (avvalgi Stalingrad) shahridagi Pavlov uyini himoya qilgan askarlarning so‘nggisi Kamoljon Turg‘unov Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida vafot etdi.
Izoh (0)