Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 17-mart kuni Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi raisi J.Inog‘omov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Jumladan, sanoatni diversifikatsiya va modernizatsiya qilish hisobidan iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, xususiy mulk va tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi barcha to‘siqlarni bartaraf etish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qayta ko‘rib chiqish, mahalliylashtirish dasturlarini kengaytirish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash kabi muhim masalalar qamrab olingan. Aholi bandligini ta’minlash, birinchi navbatda, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, chet davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlangan.
Toshkent shahri barcha sohalardagi taraqqiyoti, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalari, muhtasham inshootlari, mashhur ilm-fan markazlari, so‘lim bog‘ va xiyobonlari bilan dunyoga mashhur.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar poytaxtimiz salohiyatini yuksaltirish, aholi hayot farovonligini muttasil oshirishda asosiy omil bo‘lmoqda.
Mehnat faxriysi T.Daminov, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori N.Dadamuhamedova va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos o‘zgarishlar poytaxtimiz misolida ham yaqqol ifodasini topayotganini ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayoni milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)