Navro‘z bayrami arafasida Angren−Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining 39,5 kilometrida elektrlashtirish ishlari tugatildi, deb xabar bermoqda “12news.uz”.
Ayni kunda ushbu ulkan qurilishda bunyodkorlik ishlari qizg‘in davom etayapti. 2014-yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida mazkur qurilishning Angren tomonida qariyib 40 kilometr masofada burg‘ulash, portlatish, tuproq ishlari to‘liq bajarilib, tunnelning g‘arbiy portaligacha po‘lat izlar yotqizilgan edi. Navro‘z bayrami arafasida esa, umumiy uzunligi 39,5 kilometrni tashkil etuvchi Angrendan tunnelning g‘arbiy portaligacha bo‘lgan masofada elektrlashtirish ishlari yakunlandi.
Angrendan tunnelning g‘arbiy portaligacha bo‘lgan hududda 1174 ta temir hamda temir beton ustunlari, 1058 ta konsol o‘rnatildi va 71 ta temir panjarali bo‘ylamalar montaj qilindi.
Angren−Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish ishlari Pop stansiyasidan tunnelning sharqiy portaligacha bo‘lgan masofasida ham jadal sur’atlar bilan olib borilayapti. Ushbu hududda bugungi kungacha 1230 ta temir beton ustunlari, 403 ta konsollar o‘rnatilib, 39 ta temir panjarali bo‘ylamalar montaj qilindi.
Izoh (0)