Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 16-mart kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi raisi N.Abdullayev ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, xususiy mulk va tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlash hamda bu sohaga to‘liq erkinlik berish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va ekin maydonlari unumdorligini oshirish, fermer xo‘jaliklarini ko‘ptarmoqli xo‘jaliklarga aylantirishni davom ettirish, mahalliylashtirish va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, odamlar turmush darajasi va sifatini izchil oshirib borish, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Toshkent viloyati yer osti va yer usti boyliklari, rivojlangan sanoati va qishloq xo‘jaligi bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘rin tutadi. Viloyatda yoqilg‘i-energetika majmuasi, qurilish industriyasi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. AQShning «General Motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan avtomobil dvigatellari zavodi, Olmaliq, Angren, Bekobod, Chirchiq shaharlaridagi yirik sanoat majmualarida ishlab chiqarish va eksport hajmi izchil o‘smoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik keng qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasida bunday subyektlar va ularning iqtisodiyotdagi hissasi tobora ortib borayotir. Fermer va dehqonlar nafaqat viloyat, ayni chog‘da poytaxtimiz aholisini ham meva, sabzavot, uzum, go‘sht, sut va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda.
Mehnat faxriysi S.Salohiddinov, Bo‘ka tumanidagi “Yoqutxon-Said” fermer xo‘jaligi rahbari S.Saydullayev va boshqalar viloyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bunyodkorlik tufayli shahar va qishloqlar zamonaviy qiyofa kasb etib, aholi turmush darajasi yuksalib borayotganini ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)