2015-yil 16-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ushbu fraksiyaning parlament ko‘pchiligini tashkil etgan Demokratik kuchlar blokiga nisbatan nuqtai-nazari muhokama etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Majlisda ta’kidlandiki, O‘zbekiston XDP saylov yakunlariga ko‘ra Qonunchilik palatasida munosib o‘rin egallab, o‘z fraksiyasini shakllantirgan holda, dasturiy maqsadlari va partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlagan saylovchilarning manfaatlarini izchil ilgari surish uchun zarur imkoniyatga ega bo‘ldi.
Yig‘ilish ishtirokchilari partiya saylovoldi platformasida belgilangan g‘oyalar va vazifalarni yanada ilgari surish masalalarini batafsil muhokama etdi va parlamentda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Demokratik kuchlar blokiga birlashganligini e’lon qilgan parlamentdagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal- demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish” O‘zbekiston demokratik partiyasi fraksiyalarining qarori xususida O‘zbekiston XDP fraksiyasining nuqtai-nazarini ishlab chiqdi.
Shu bilan birga, alohida ta’kidlandiki, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Hukumat Harakat dasturida ko‘zda tutilayotgan qator muhim iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal qilish yo‘llari haqida Saylovoldi dasturida o‘z nuqtai nazarini ifodalagan.
Shu munosabat bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning 25-1 moddasiga amal qilgan holda, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasini parlamentda ko‘pchilikni tashkil etayotgan Demokratik kuchlar blokiga muxolifat deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
O‘zXDP fraksiyasining parlamentdagi muxolifat sifatidagi avvalgi tajribasidan kelib chiqib, shuningdek, partiyaning dasturiy vazifalarini inobatga olgan holda, fraksiya davlatning ijtimoiy yo‘naltirilgan yo‘lida kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyatdan aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta’minlangan qatlamining turmush darajasi ijtimoiy himoyalanganligini doimiy ravishda yaxshilashni ta’minlaydigan iqtisodiyotdagi tartibga soluvchi rolini mustahkamlash to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari suradi.
O‘zbekiston XDPning dasturiy ustuvorliklari qatorida eng kam iste’mol xarajatlari (iste’mol savatchasi) standartlarini belgilashning asoslangan va zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda joriy qilish va bu bilan mazkur standartlarga mamlakatdagi oylik ish haqi va pensiyaning eng kam miqdorlari mos kelishini ta’minlash masalalari turibdi.
Shuningdek, partiya aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish tariflarini davlat tomonidan ushbu xizmatlar tariflarini tartibga solinishini takomillashtirish orqali xizmatlar haqini maqbullashtirishni aholi farovonligiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omil deb hisoblaydi.Partiya, shuningdek, aholi bandligini tashkil qilishning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o‘rinlarini tashkil etish dasturining so‘zsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, avvalo, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning asosiy mezonlari, ularni hayotga tatbiq qilishda yaratiladigan barqaror ish o‘rinlari soni bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash tarafdoridir.
Ushbu ustuvor masalalarda O‘zXDP Demokratik kuchlar blokiga birlashgan partiyalarning fraksiyalari nuqtai nazaridan farq qiladigan o‘zi tutgan yo‘lning yechimlarini taklif etish va ilgari surishga tayyor.
Fraksiyaning tegishli bayonotida O‘zbekiston XDP fraksiyasi Qonunchilik palatasida partiyalararo raqobatning qonunda nazarda tutilgan mexanizmlaridan, huquq va vakolatlaridan parlament vositalari orqali partiyaning siyosiy ustuvorliklari va dasturiy maqsadlariga qat’iy erishish, davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ishonchli ijtimoiy kafolatlarga ehtiyojmand aholi qatlami manfaatlarini izchil ifodalash va himoya qilish, mazkur manfaatlarni Qonunchilik palatasida qonunlar va boshqa qonun hujjatlarini ishlab chiqish, muhokama qilish va qabul qilishda samarali inobatga olishga ko‘maklashishda faol va mas’uliyat bilan foydalanish niyatida ekanligi ta’kidlandi.
Shu kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zXDP fraksiyasi O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan mahalliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun brifing o‘tkazdi.
Parlament fraksiyasi vakillari fraksiya ustuvorliklari, parlamentdagi muxolifat sifatidagi eng muhim vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javoblar oldi.
2015-yil 16-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kun tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasini parlamentdagi ko‘pchilikka nisbatan muxolif deb e’lon qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining parlamentdagi ko‘pchilikning Demokratik kuchlar bloki tuzilganligi to‘g‘risidagi qaroridan kelib chiqadigan bundan keyingi o‘z faoliyatlarini muhokama qildi.
“Adolat” SDP hamda yangidan tuzilgan Demokratik kuchlar bloki nuqtai nazarlarida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan ayrim tafovutlar mavjudligi fraksiya a’zolari tomonidan qayd etildi.
“Adolat” SDP uchun o‘ta muhim bo‘lgan biznesning ijtimoiy mas’uliyati darajasini oshirish, davlat va xususiy biznes hamkorligini faol rivojlantirish, intellektual mulk obyektlarini himoya qilishni ta’minlash sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, korxonalarga ularning sotsial va ijtimoiy jihatdan foydali ekanligidan kelib chiqib, soliq imtiyozlarini berish kabi masalalar parlamentdagi ko‘pchilikning g‘oyalari va mushtarak faoliyati yo‘nalishlarida yetarlicha aks etmaganligi alohida qayd etildi.
Shu bois, yig‘ilishda “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunda belgilangan normalarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan qabul qilindi.
Qonun normalariga muvofiq o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi mas’ul qo‘mitasining tegishli masala bo‘yicha ma’ruzasi bilan bir vaqtda qonun loyihasining muqobil tahririni kiritish;
- muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan o‘zining alohida fikrini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun bo‘yicha kelishuv komissiyasida o‘z vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari tomonidan O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga brifing tashkil etildi.
Fraksiya a’zolari parlamentdagi muxolifat sifatidagi birlamchi vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalaridan tashkil topgan Demokratik kuchlar bloki 14-mart kuni mazkur 2 partiya fraksiyalarining qo‘shma majlisida tuzilgan edi.
Izoh (0)