Eronning sobiq prezidenti Ali Akbar Hoshimiy Rasfanjoniyning o‘g‘li Mahdi Hoshimiy Rasfanjoniy korrupsiya va milliy xavfsizlikka tahdidda ayblanib jami 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar bermoqda “RBK”.
Tehron inqilobiy sudi Mahdi Hoshimiy Rasfanjoniyning uchta turli xildagi jinoyatlari uchun yetti, besh va uch yil muddatlik qamoq jazosiga mahkum qildi. Sudlanuvchi ushbu qaror yuzasidan 20 kun ichida shikoyat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, sud Eronda yirik ishbilarmon sifatida tanilgan 45 yoshli Rasfanjoniyga jarima, qonuniyligi isbotlanmagan aktivlarni qaytarish jazolarini tayinlab, siyosiy lavozimlarda ishlashni taqiqladi.
Ma’lumot uchun, uning otasi Ali Akbar Hoshimiy Rasfanjoniy 1989 va1993-yillarda ikki marta Eron prezidentligiga saylangan. 2013-yilgi saylovda hozirgi prezident Hasan Ruhoniyni qo‘llab-quvvatlagan. U Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xumanayining yaqin ishonchli shaxslaridan hisoblanadi.
Izoh (0)