2010-yil O‘zbekiston hukumati tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan 112 yoshli Yusupova Poshsha momo hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani Qilchinoq ovulida istiqomat qilmoqda, deb xabar beradi “Sug‘diyona” gazetasi.
“Olti nafar farzandning onasi bo‘lgan momo 100 nafardan ziyod chevara, 100 nafarga yaqin evara va 20 ga yaqin duboralar rohat-farog‘atini ko‘rib yashamoqda”, – deyiladi manbada. Qayd etilishicha, momoning turmush o‘rtog‘i Kenja bobo bir umr qishloqda cho‘ponlik qilib, 93 yoshida vafot etgan.
Haligacha qo‘liga hassa tutmagan, ko‘zlari ravshan, gapga sola bilsang, so‘zlari burro-burro chiqadigan momoni hech kim 100 dan oshgan demaydi. 80 yoshli o‘g‘il Doschan ota momoning sog‘lig‘i haqida shikoyat qilganini eslay olmasligini, Poshsha momoni biror marta shifokorga olib bormaganliklarini qayd etdi.
Poshsha momo bunday uzoq umr yashashning siri halol mehnat qilish, ko‘p mehnat va harakatda bo‘lishda ekanligini aytdi. “Men hali juda tetikman, ‘begona’mni ham ko‘rishni istayman”, – dedi momo.
Izoh (0)