Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirining KOICA xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Kim In bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonga KOICA vitse-prezidenti Kim In boshchiligida tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari poytaxtimizning Sergeli tumanida joylashgan kasb-hunar markazi faoliyati bilan tanishishdi. Ushbu markaz 2012-yilning iyul oyida mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi, hamda KOICA tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida barpo etilgan.
Tashrif chog‘ida KOICA xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Kim Inning, mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri A. Abduxakimov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusidagi rejalar, jumladan Samarqand va Shahrisabz shaharlarida ham kasb-hunar markazlarini barpo etish haqida so‘z yuritildi.
Vazir KOICA vitse-prezidentiga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirib, ayni yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish lozimligini, hamda kasb-hunar markazlarini kelajakda Qo‘qon va Urganch shaharlarida barpo etish, shu bilan respublikamiz bo‘yicha ular sonini beshtaga yetkazish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tdi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi loyiha ko‘lamini kengaytirish lozimligi haqida ham fikr yuritildi. Ushbu loyiha doirasida 2014-yilda vazirlik tizimidagi “Saxovat” va “Muruvvat” uylarining rahbarlari, nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam berish borasida koreyalik hamkasblaridan tajriba orttirib kelishdi.
KOICA vitse-prezidentining ta’kidlashicha, Koreya hukumati yuqori malakali mutaxassislar tarbiyalash maqsadida kasbiy ta’lim yo‘nalishida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettiradi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari markaz o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirishdi hamda o‘quv jarayoni va markazda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Tashrif nihoyasida KOICA xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Kim In, kasb-hunar markazlarini barpo etish borasida Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi bilan hamkorlik istiqbolli ekanligini ta’kidladi.
Izoh (0)