2015-yil 10-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Favqulodda va muxtor elchi Kayetana de Zuluyeta rahbarligidagi kuzatuvchilari missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari Svetlana Artikova mehmonlarni qutlar ekan, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda xalqaro saylov standartlariga muvofiq demokratik saylovlar o‘tkazish borasida ijobiy tajriba to‘planganini alohida ta’kidladi. Fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha milliy amaliyotini yaxshilashga yo‘naltirilgan saylov qonunchiligi muntazam takomillashtirib borilmoqda.
Mehmonlar, shuningdek, joriy yil yanvar oyida yangi tarkibda shakllantirilgan parlament yuqori palatasi faoliyati bilan tanishtirildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda hokimiyatning qonunchilik, ijro va sud tarmoqlariga bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini amalga oshirish mexanizmlari izchil mustahkamlanmoqda, o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimi takomillashtirilmoqda, markazda va joylarda vakillik hokimiyatining vakolatlari va nazorat funksiyalari kengaymoqda.
Pirovardida demokratik o‘zgarishlar parlamentning davlat hokimiyati organlari tizimidagi roli va ahamiyatini oshirdi, qonunchilik organining davlat ichki va tashqi siyosatini shakllantirish hamda amalga oshirishdagi mavqei va imkoniyatlarini kuchaytirdi.
O‘z navbatida, YeXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi rahbari Kayetana de Zuluyeta samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, bo‘lajak saylovlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim siyosiy voqea ekanligini qayd etdi.
YeXHT DIIHB missiyasi faoliyati saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, uning milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar va normalarga muvofiq o‘tkazilishiga ko‘maklashishi qayd etildi.
Izoh (0)