Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri A. Abduhakimovning KOICA xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Kim In bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligining axborot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekistonga KOICA vitse-prezidenti Kim In boshchiligida tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari poytaxtning Sergeli tumanida joylashgan kasb-hunar markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vaziri va KOICA vitse-prezidenti muzokaralari chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusidagi rejalar, jumladan, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida ham kasb-hunar markazlarini barpo etish haqida so‘z yuritildi.
Vazir KOICA vitse-prezidentiga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirib, ayni yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish lozimligini hamda kasb-hunar markazlarini kelajakda Qo‘qon va Urganch shaharlarida barpo etish, shu bilan respublika bo‘yicha ular sonini beshtaga yetkazish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tdi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi loyiha ko‘lamini kengaytirish lozimligi haqida ham fikr yuritildi.
KOICA vitse-prezidentining ta’kidlashicha, Koreya hukumati yuqori malakali mutaxassislar tarbiyalash maqsadida kasbiy ta’lim yo‘nalishida O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettiradi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari markaz o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirdi hamda o‘quv jarayoni va markazda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif nihoyasida KOICA xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Kim In kasb-hunar markazlarini barpo etish borasida mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi bilan hamkorlik istiqbolli ekanligini ta’kidladi.
Izoh (0)