Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolari bir nechta avtomobil yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlangani aks etgan videolavhalarni tarmoqqa chiqardi.
Videolarda avtomobillar svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgani aks etgan. Lavhalarning birida to‘xtab turgan avtomobillar qatori orqasidan ikkita mashina qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib harakatini davom ettirganini ko‘rish mumkin. Jumladan, dastlab 01 Y 944 FA raqamli Lacetti, keyin esa 01 Р 879 ВА raqamli Damas bunday qo‘pol qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan. Boshqa lavhada esa 01 Z 563 FA raqamli Matiz aynan shu harakatni qaytargan. Ushbu holat Toshkentning aynan qaysi hududida suratga olingani ma’lum qilinmagan.
Transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etishi eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida jarimaga tortilishi inobatga olinsa, bu 2015-yil 10-mart holatida 1 076 350 so‘mga teng bo‘ladi.
Videolavhalar ostiga izoh qoldirgan guruh foydalanuvchilarining aksariyati qoidabuzar haydovchilarning ushbu harakatlarini keskin tanqid ostiga olgan. Foydalanuvchilardan biri ushbu hududda bunday holat deyarli har kuni kuzatilishini qayd etgan. Shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalish bo‘ylab o‘z yo‘lidan to‘g‘ri harakatlanayotgan avtomobillar ham teskari yo‘nalishga o‘tgan avtomobillarga yo‘l berayotgani, aslida bunga qarshilik ko‘rsatish lozimligi aytilgan.
Izoh (0)