Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi janob Li Uk Xen Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan kasb-hunar markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining axborot xizmati xabar berdi.
Markaz 2012-yilning iyul oyida mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi hamda KOICA tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida barpo etilgan.
Har yili mazkur o‘quv dargohida elektrotexnika va elektronika, mashinasozlik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash,axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida 360 nafar o‘quvchiga ta’lim beriladi. Seksiyalar zamonaviy o‘quv-laborator uskunalari, dastgohlar, kerakli anjom va qo‘llanmalar bilan jihozlangan. Markaz o‘qituvchi va murabbiylari Koreya Respublikasining ta’lim markazlarida malaka oshirib kelgan. Respublikaning boshqa hududlaridan kasb egallash istagida kelganlar uchun 100 o‘rinli yotoqxona tashkil etildi.
Bunday markazda ta’lim berish tizimining e’tiborli tomoni shundaki, nazariy bilimlarga o‘quv jarayonining 30-35 foiz vaqti sarflansa, qolgan 65-70 foizi olingan bilimlarni amaliyotda mustahkamlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari o‘quvchilar amaliyotni kelgusida ishlaydigan korxonalarida o‘tamoqda. Bugungi kunga kelib, markazda 1200 nafardan ortiq yosh kasb o‘zlashtirgan bo‘lsa, ularning qariyb 95,8 foizi markazda tahsil olishni bitirganidan so‘ng bir oy ichida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish bilan ta’minlanadi.
Bugungi kunda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan KOICA agentligi bilan kelishuvlari asosida shunday markazlarni Samarqand va Shahrisabz shaharlarida ham barpo etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Vazirlik tomonidan KOICA xalqaro hamkorlik agentligiga kasb-hunar markazlarini Qo‘qon va Urganch shaharlarida ham 2017-2018-yillarda yaratish uchun mablag‘ jalb etish haqida murojaatnoma yuborildi.
Izoh (0)