O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015-yil 6-mart kuni “1941−1945-yillardagi urush qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmon matni O‘zA saytida e’lon qilingan.
Farmonda aytilishicha, 9-may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, 1941−1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 70-yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida 1941−1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 700 000 (yetti yuz ming) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilanadi.
Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda 1941−1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, badiiy akademiya, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalari, boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi va sha’nu sharafi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma’rifiy-badiiy kechalar o‘tkazadi.
Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklatildi.
Izoh (0)