Sirdaryo viloyati Shirin shahri bosh arxitektori mutaxassis ayol bilan til biriktirib, pora olish va tamagirlik jinoyatini sodir etdi, deb xabar bermoqda “Huquq” gazetasi.
Arxitektor bir fuqarodan ukasiga aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurish uchun 3200 kvadrat metr yer maydoni ajratish va bu haqda hokim qarorini chiqartirib berish evaziga 200 ming so‘m talab qildi. Talab qilingan pulni pora tariqasida qabul qilib oldi.
Bundan tashqari, arxitektor tadbirkor sifatida faoliyat yuritishni niyat qilgan boshqa bir fuqaroga ham bosh yer maydonidan “Avtoshohbekat” va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun 0,8 gektar yer maydoni ajratib berish evaziga 1000 AQSh dollari so‘radi va 460 ming so‘m naqd pul, 60 ming so‘mlik dori-darmonni shaxsan o‘zi, 700 AQSh dollarini esa mutaxassis ayol orqali olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Mansab vakolatini suiiste’mol qilgan arxitektor va uning jinoiy sherigi bo‘lgan ayolga sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.
Izoh (0)