Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti mustaqil tadqiqotchisi Oybek Ikromovning bug‘doy murtagidan yog‘ olish texnologiyasi O‘zbekiston sharoitida birinchi marta taklif etilyapti. U tibbiyot, kosmetologiya va oziq-ovqat sanoatida qo‘llaniladigan, chetdan import asosida olib kelinadigan mahsulotlarning o‘rnini bosadi, deb xabar beradi “Uz24.uz”.
Yosh tadqiqotchining aytishicha, bug‘doy doni murtagida 18–23 foizgacha yog‘ mavjud va kosmetologiyada bu xildagi yog‘ keng qo‘llaniladi. Uning tarkibida 12 xil vitamin, 18 xil aminokislota hamda 21 xil mikroelement mavjud.
Bug‘doy murtagidan olinadigan bu mahsulot – biologik faol o‘simlik yog‘i bo‘lib, inson organizmining yurak-qon tomir, asab va hazm qilish tizimlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, ushbu yog‘ organizmni toksinlar, ya’ni zaharli moddalardan tozalashda ham alohida ahamiyatga ega.
Boshqa o‘simlik yog‘laridan farqli o‘laroq, bug‘doy murtagida tabiiy antioksidant sanaluvchi “yoshlik darmon dorisi” nomi bilan ham mashhur E vitamini mavjud bo‘lib, u insondagi mushaklar faoliyati yaxshilanishiga yordam beradi.
Yosh tadqiqotchi bug‘doy murtagidan yog‘ olishni qimmat texnologiyalar va katta ishchi kuchi talab qilinmagan holda sovuq va issiq usullarda amalga oshirishni taklif qilmoqda.
“Sovuq usul deganda, bug‘doy murtagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri press uskunasida siqilib, yog‘ olinadi, – dedi Oybek Ikromov. – Issiq usulda esa bug‘doy murtagiga dastlab bug‘ yordamida ishlov berilib, undan keyin presslanadi. Ushbu loyihaning iqtisodiy samaradorligi xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, uning xomashyo va materialga nisbatan xarajati 15–18 foizgacha kam ekanini aytib o‘tish lozim”.
Tadqiqotchi bugungi kunda ham mazkur loyihani yanada mukammallashtirish, uni ishlab chiqarishga joriy etish natijasida kutiladigan iqtisodiy samaradorlikni yanada oshirish ustida bosh qotiryapti.
Izoh (0)