Osiyo Chempionlar ligasi 2-turidan o‘rin olgan Toshkentning “Lokomotiv” va Eronning “Fulad” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
“Temiryo‘lchilar” o‘yinda tezkor gol kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Ketma-ket hujumlardan keyin Oleg Zoteyev hisobni ochdi. Bu vaziyatda unga Lutfulla To‘rayev to‘pni ajoyib tarzda yetkazib berganini alohida ta’kidlab o‘tish zarur.
Ammo shundan keyin “Lokomotiv” o‘yin tempini tushirib yubordi. Natijada, “Fulad” o‘yinda ustunlikni o‘z qo‘liga ola boshladi. Burchakdan oshirib berilgan to‘p eronliklar a’zosi Mehrdod Jamaatiga kelib tushdi. Uning yo‘llagan zarbasi Temurxo‘ja Abduxoliqovga tegib rikoshet hosil qildi va Ma’mur Ikromov qo‘riqlayotgan darvozaga borib tushdi.
Birinchi bo‘lim 1:1 hisobi bilan yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limni ham “Lokomotiv” futbolchilar ancha faol boshlashdi. Ruslan Karyanda hisobni oshirish uchun bir qator imkoniyatlarga ega bo‘lgandi. Ammo u ushbu vaziyatlardan unumli foydalana olmadi.
Vadim Abramov o‘yinni kuchaytirish uchun zaxiradan Jasur Hasanov, Alisher Shog‘ulomov va Dilshod Rahmatullayev kabi futbolchilarni maydonga tushirdi. Ammo bu o‘zgarishlar o‘z samarasini bermadi.
Shu tariqa “Lokomotiv” Osiyo Chempionlar ligasidagi ilk ochkosini ishlab oldi.
OChL, 2-tur.
“Lokomotiv” – “Fulad” 1:1
Gollar: O.Zoteyev (7) – M.Jamaati (31)
“Lokomotiv”: Ma’mur Ikromov, Salim Mustafoyev, Sardor Mirzayev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Nemanya Yanichich, Oleg Zoteyev, Lutfulla To‘rayev, Timur Kapadze, Sanjar Shoahmedov, Ruslan Koryan, Temurxo‘ja Abduxoliqov.
“Fulad”: Alirizo Salimi, Ahmad Al Nameh, Leonard Mesarich, Sasan Ansari, Ismoil Sharifat, Matias Chago, Aloys Nong, Omid Holidi, Mehrdod Jamaati, Yusuf Vakia, Muhsin Mosalman.
Izoh (0)