Chempionlar ligasi doirasida “Lokomotiv” va “Fulad” jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuv yakuniga yetgach o‘tkazilgan matbuot anjumanida, avvalo, eronliklar bosh murabbiyi Dragan Skochich ishtirok etdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
“Biz uchun bu natija qoniqarli. Bu o‘yinda hech qanday salbiy holat ko‘rmadik. O‘yinni jamoam ancha asabiy boshladi. Shunga qaramay tezda o‘zimizga kelib oldik va vaziyatni o‘nglashga muvaffaq bo‘ldik”, – dedi bosh murabbiy.
Savol: O‘ninchi raqamli futbolchidan qoniqmagandek ko‘rindingiz?
Javob: Men nafaqat o‘ninchi raqamli futbolchi, balki jamoamdagi har bir o‘yinchining dunyoqarashidan qoniqmadim. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ilk daqiqalardan darvozabonim suv ichishga tushib ketdi. Menga bunday o‘yin to‘g‘ri kelmaydi. Men tezkor va shiddatli o‘yin tarafdoriman. Shuning uchun nafaqat o‘ninchi raqamli futbolchi, balki barchaga tanbeh berishga harakat qildim. Biz bu o‘yinda qoniqarli natijaga erishdik. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishim lozim, “Lokomotiv” tarkibida tezkor futbolchilar bor va himoyada ko‘plab muammolarga duch keldik.
Savol: “Lokomotiv” guruhdan chiqa olish darajasida kuchga egami?
Javob: Hali biror bir aniq fikrga ega emasman. Biz yomon natijaga erishmadik, hali oldinda o‘yinlar ko‘p. O‘ylaymanki, yaxshi natijaga erishsa, har ikki jamoa ham guruhdan chiqishi mumkin. Men raqiblar o‘yini natijasidan boxabar bo‘lib turibman, narigi o‘yinda ham durang qayd etilishi mumkin. Demak, guruhdan chiqish imkoniyati katta.
Savol: Jamoangiz maydon markazini boy berishiga sabab nimada?
Javob: Umuman olganda hamma chiziqda xatolarga yo‘l qo‘ydik. Ayniqsa, qanotlardagi xatolar tufayli markazda bo‘shliqqa yo‘l qo‘ydik. Yana bir muammo hozirda ko‘p futbolchilarimiz jarohat olgan. Shu tufayli qaysidir bir pozitsiyaga futbolchi tayinlashda qiyinchilikka duch keldik. Ikkinchi bo‘limda markazga e’tiborni kuchaytirdik. Afsuski, jamoamizda tarkib masalasida muammolar ko‘p. Aytaylik o‘n nafar futbolchimiz armiya yoshiga yetgani tufayli harbiy xizmatga yo‘l oladi. Bu ham bizning tanlovni ancha qisqartirishi turgan gap.
Savol: Mehdi jarohat olib maydonga tushmagani borasida nima deya olasiz?
Javob: Bu futbolchi biz uchun muhim ahamiyatga ega edi. U maydonga qaytishini kutmoqdamiz.
Savol: O‘tgan turni “As Sadd”ga qarshi o‘tkazgansiz. Bu jamoaga qarshi o‘ynagan murabbiy sifatida nima deya olasiz?
Javob: Bu jamoa haqida fikr bildirish juda murakkab. “As Sadd” tarkibida texnik jihatdan kuchli futbolchilar bor. “Lokomotiv” kelgusi o‘yinda mana shunday futbolchilardan ehtiyot bo‘lishi lozim.
Izoh (0)