Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashovchi fuqaroning uyida isitish pechining dudburoni qizib ketishi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 205 kvadrat metr maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari hamda qo‘shnisining uyini 5 kvadrat metr maydonda tom qismi yonib zararlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining axborot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek, Xorazm viloyati Xiva tumanida yashovchi ayolning oshxonasida chaqnash sodir bo‘ldi. Oshxonadagi gaz plitasiga o‘rnatilgan propan gaz balloni shlangidan sizib chiqqan gaz hidini sezmagan uy egasining kelini, oshxonaga kirib gugurt chaqqan vaqtida xonaga to‘plangan gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Chaqnash natijasida uyning 24 kvadrat metr maydonda tomi va uy jihozlari yonib zararlangan. Yong‘in o‘chirish vaqtida uy bekasining kelini va 6 yoshli nevarasi kuyish tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan hamda 5 yoshli nevarasining kuygan holdagi jasadi topilgan.
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaroning uyida elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada uyning 80 kvadrat metr maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari yonib zararlandi.