O‘tgan yillarda O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Kemachilik inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanidagi Qipchoq ponton ko‘prigi tarkibidagi suzuvchan pontonlarni (2013-yilda 6 ta, 2014-yilda 6 ta) ta’mirlash loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etdi va ta’mirlash davrida zarur texnik nazoratni olib bordi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi ichki suv yo‘llarida foydalanishda bo‘lgan kemalarni ro‘yxatga olish, kema reyestrini yuritish, xos raqamlarni va kema guvohnomasini berishning yangi tartibi” mavzusidagi matbuot anjumanida qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, Xorazm viloyatini obodonlashtirish dasturi doirasida Shovot kanali rekonstruksiya qilingandan so‘ng 2014-yilda 4 ta sayl qilishga mo‘ljallangan kema sotib olindi, bu kemalar aholi va ajnabiy sayyohlarga vohaning diqqatga sazovor joylarini ko‘rsatishga xizmat qilmoqda. Yana shunday kemalarni olib kelib, Shovot kanalida foydalanish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, Agentlik tomonidan 2014-yilda kemalarni shahodatlashtirishdan o‘tkazish maqsadida 27 ta kema egalari bilan o‘zaro shartnomalar tuzilgan va jami foydalanishda bo‘lgan 54 ta daryo transporti shahodatlashtirilgan. Bu ishlar 2015-yilda ham davom ettirilib, shu kungacha 4 ta kema egalari bilan shartnomalar tuzildi.
Anjuman yakunida jurnalistlar O‘zbekiston daryolari orqali xalqaro yuk tashish, daryo transporti sohasida kadrlar tayyorlash masalalariga doir va o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollar bilan murojaat etib, batafsil javob oldi.
Izoh (0)