BAAning Dubay shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilayotgan Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnirda O‘zbekiston vakili Sirojiddin Norov 800 va 1500 metr masofaga yugurish bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda mos ravishda kumush va bronza medaliga sazovor bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
E’tiborlisi, 800 metr masofaga yugurish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqada Sirojiddin belgilangan masofani 02:02.90 soniyada bosib o‘tib Osiyo rekordini ham yangiladi. Umidli sportchi, shuningdek, 1500 metr masofaga yugurishda 04:09.53 soniya natijani qayd etib bronza medali sovrindori bo‘ldi.
Sirojiddin Norovning ushbu natijasidan so‘ng O‘zbekiston yengil atletikachilari hisobidagi 2016-yilgi Paralimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari soni 5 taga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yengil atletikachilaridan tashqari, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi hisobida hozircha 8 ta, suzish bo‘yicha esa 2 ta yo‘llanma mavjud.
Izoh (0)