“Nasaf” − “Traktorsoziy” jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar ustozi Antonio Oliveyra ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
— Birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazdik va ko‘p hujum qildik. Birinchi bo‘limda “Nasaf”da deyarli imkoniyat bo‘lmadi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida qandaydir 5-6 daqiqada konsentratsiyani yo‘qotdik. Natijada ikkita gol o‘tkazib yuborib, shuning evaziga mag‘lub bo‘ldik. Buning uchun raqib bizni jazoladi.
— “Nasaf”ni o‘rganish chog‘ida qaysidir futbolchidan xavotir olgandingiz va bugun siz uchun qaysi o‘yin syurpriz bo‘ldi?
— Men raqibdan ko‘ra o‘z jamoamga e’tibor qaratishni istayman. Avval aytib o‘tganimdek, “Nasaf” bir necha yildan beri bitta murabbiy qo‘l ostida bitta g‘oya asosida o‘ynab kelmoqda. Futbolchilar ham deyarli o‘sha-o‘sha. “Nasaf”ni g‘alaba bilan tabriklayman.
— Jamoada nima sodir bo‘ldiki, futbolchilar ikkinchi bo‘lim boshida konsentratsiyani yo‘qotib qo‘yishdi?
— Futbol xatolarsiz bo‘lmaydi. Statistikasiga ko‘ra, o‘yinning birinchi va ikkinchi bo‘limlarining dastlabki 15 daqiqasi eng katta ahamiyatga ega hisoblanadi. Aynan shu pallada konsentratsiyani yo‘qotmaslik kerak. Biz bugun xatolarimizdan xulosa chiqarib, keyingi o‘yinlarda buni takrorlamaslikka harakat qilamiz.
— Nima uchun senegallik darvozabon bugun o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi?
— Ixtiyorimda hamisha 19-20 kishilik tarkib bo‘ladi. Qaysi o‘yinchi tayyor bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi. Demak, aniq bir sababi borki, senegallik davrozabon o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi.
— Tashrif davomida jamoaga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va yaratilgan sharoitlardan qoniqish hosil qildingizmi?
— Ha, hammasi joyida, muammolarga duch kelmadik. Buning uchun “Nasaf” jamoasiga minnatdorchilik bildiramiz. Guruh bosqichi davomida sizlar bilan hali yana uchrashamiz. Barchangizni Eronda bo‘ladigan o‘yinga taklif qilaman. Biz ham sizlarni yuqori saviyada kutib olishga harakat qilamiz.
Izoh (0)