Antaliyada o‘quv-mashg‘ulotlarini davom ettirayotgan “Olmaliq” 23-fevral kuni Qozog‘iston chempionati vakili “Qizil-Jar” jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Bu o‘yin aslida jamoa rejasida yo‘q edi. O‘rtoqlik o‘yini taklifi bo‘lgach, jamoa rahbariyati bunga rozilik berdi. “Terek” bilan o‘tgan bahsda ko‘pgina futbolchilar maydonga tushmagandi. Bu uchrashuvda, asosan, zaxirada qolgan futbolchilar harakatlandi. Mazkur tarkibga Islom Inomov, Shavkat Salomov, Temur G‘aniyev, Kamoliddin Murzoyev va Nemanya Yovanovich kiritilmadi. Qiziqarli kechgan bahsda olmaliqliklar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. 8-daqiqada Islom Isoqjonov hisobni ochgan bo‘lsa, 15-daqiqada Abduqahhor Hojiakbarov hisobni ikkitaga oshirdi.
Ikkinchi taymning 60-daqiqasida “Qizil-Jar” vakillari hisobni qisqartirdi. 79-daqiqada Isoqjonov o‘z dublini nishonladi. O‘yin yakunlanishi arafasida raqib jamoa hisobni yana bittaga qisqartirishga erishdi. Darvoqe, “Qizil-Jar” jamoasini O‘zbekiston ishqibozlariga yaxshi tanish Vladimir Fomichyov boshqarmoqda.
“Olmaliq” – “Qizil-Jar”: 3:2
“Olmaliq”: Nikita Shkvirin (Umidjon Xonimqulov, 46), Sarvar Jo‘rayev, Yevgeniy Gogol (Adrian Kashkaval, 46), Salamat Quttiboyev (Doniyor Ismoilov, 46), Abduqahhor Hojiakbarov, Jahongir Abdumo‘minov (G‘ulom O‘runov, 46), Zohir Pirimov (Nikita Pavlenko, 70), Azamat Isroilov (Arslonmurod Amonov, 60), Muhammad Isayev, Diyor Turopov, Islom Isoqjonov.
“Olmaliq” jamoasining navbatdagi o‘rtoqlik o‘yini 25-fevral kuni Rossiya premyer ligasi vakili “Mordoviya” klubiga qarshi o‘tkaziladi.
Izoh (0)