O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 21-fevral kuni Navoiy va Buxoro viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Navoiy viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasining raisi O‘. Mavlonov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili B. Bozorov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy choralar ko‘rish, buning uchun mahalliy vakillik organlari huzurida jamoatchilik komissiyalari tuzish hamda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini izchil rag‘batlantirish tizimini amaliyotga joriy etish, o‘zbek xalqining tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va boyitish, uning yutuqlarini navqiron va barkamol avlod orasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.
Uchrashuvda Navoiy shahridagi Mehribonlik uyi direktori D. Orziyeva va boshqalar nomzodning dasturi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, unda qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish mamlakatni ijtimoiy rivojlantirish, demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Buxoro viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrug saylov komissiyasining raisi M.Daminov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili S.Raupov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Akmal Saidov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida yuksak estetik qimmatga ega bo‘lgan milliy hunarmandlik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, milliy badiiy maktablarning an’analarini saqlab qolish, yoshlar ongini xalqimizga yot bo‘lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida yoshlarni milliy tiklanish g‘oyasi, milliy madaniyat va qadriyatlarni e’zozlash ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirish, til madaniyati va uning maqomini, muomala madaniyatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, ommaviy muomalada o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan aniq maqsadli ishlar olib borish muhim vazifalar qatorida qayd etilgan.
Uchrashuvda Buxoro davlat universiteti dotsenti O‘. Ochilov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)