2015-yil 18-fevral kuni soat 13:00 da Toshkent Xalqaro Aeroportida 14 nafar bemor bolalar Germaniya klinikalarida davolanish uchun fondning vakili hamrohligida Germaniyaga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam berish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish hamda sog‘lom avlodni tarbiyalash borasidagi bo‘yicha bir qator loyihalarini amalga oshirmoqda. Kam ta’minlangan oilalardagi bemor bolalarni ijtimoiy va tibbiy jihatdan ko‘mak berish borasida muhim ishlarda nafaqat davlat tashkilotlari, balki nodavlat tashkilotlarining ham alohida o‘rni bor. Shu maqsadda, fond tomonidan bemor bolalarni chet el nufuzli klinikalarida davolash maxsus dasturi ishlab chiqilgan.
2002-yilda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti birgalikda uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolangan edi. Hamkorlik doirasida 12 yoshgacha bo‘lgan bemor va nogiron bolalarni davolash va reabilitatsiya qilish bilan shug‘ullanadilar. 2002−2015-yillar davomida 250 nafar o‘zbekistonlik bemor bolalar terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanishdi.
Ushbu xalqaro tashkilotning grant mablag‘i hisobiga 2014-yil davomida respublika bo‘yicha jami 255 nafar tug‘ma lab tanglay nuqsoni bo‘lgan nogiron bolalarda 29 635 000 so‘m mablag‘ doirasida jarrohlik operatsiyalari o‘tkazildi.
Shu bilan bir qatorda “Chiroyli oyoqchalar” loyihasi doirasida tug‘ma oyoq nuqsoni (maymoqlik) va “Qiyshiq bo‘yin” tashxisi bilan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni operatsiya qilish maqsadida 2014-yil davomida 255 nafar bemor bolalar operatsiya qilindi va jami xarajat 25 400 000 so‘mni tashkil etdi.
2015-yil 18-fevral kuni Germaniyaga jo‘nab ketgan bolalar ro‘yxat bilan fond saytida tanishish mumkin.
Izoh (0)