Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayoni qizg‘in bormoqda. Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov 18-fevral kuni Toshkent shahri va viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Toshkent shahridagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasining raisi J.Inog‘omov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili H.Boboxonov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod H.Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini aholi o‘rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, kishilarning tashabbuskorligini rag‘batlantirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda nafaqalar va moddiy yordam asosan kam ta’minlangan oilalar, qariyalar va bolalar uchun berilishini ta’minlash, o‘z biznesini tashkil etish va turmush farovonligini mustaqil ta’minlashga intiluvchi mehnatga layoqatli fuqarolarga imtiyozli kreditlar va maqsadli foizsiz ssudalarni ajratishni yanada rivojlantirishni ta’minlash kabi qator ustuvor vazifalar belgilangan.
Uchrashuvda Shayhontohur tumanidagi 44-oilaviy poliklinika bosh shifokori M.Rahmatullayeva, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari direktori S.Boboqulov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tayotgani mamlakatimizda demokratiya tamoyillariga amal qilinayotgani, milliy saylov tizimimiz xalqaro normalarga to‘la mos kelishidan dalolat ekanini ta’kidlab, 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Toshkent viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasining raisi N.Abdullayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili S.A’zamov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi bo‘yicha nutq so‘zladi.
Dasturda bandlik sohasidagi siyosatni yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishi sifatida munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taqdim etayotgan korxonalarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish lozimligi, shuningdek, istiqbolli ishlab chiqarishlarni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya dasturlarini ishlab chiqishda ularning o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlari hamda hududiy bandlik dasturlariga o‘zaro bog‘liq bo‘lgan kompleks yondashuvini ta’minlash zarurligi o‘z ifodasini topgan.
Zangiota tumani “Nazarbek” qishloq vrachlik punkti mudiri M.Vorisova, Toshkent davlat agrar universiteti prorektori A.Abduvosiqov, Xalq demokratik partiyasi Bekobod shahar kengashi raisi U.Abdunazarov va boshqalar saylovchilarni bo‘lajak saylovda faol ishtirok etishga chaqirib, nomzodning dasturida qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish mamlakatni ijtimoiy rivojlantirish, xalq farovonligini izchil yuksaltirish, demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Izoh (0)