O‘zbekiston davlat san’at muzeyida britaniyalik rassom va haykaltarosh Genri Murning ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
“Genri Mur: grafika ustasi” deb nomlangan ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Britaniya kengashi tomonidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda rassomning saksonta grafika ishi namoyish qilinmoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jorj Edgar, Britaniya kengashining O‘zbekistondagi bo‘limi direktori Mark Krossi va boshqalar O‘zbekiston hamda Buyuk Britaniya o‘rtasidagi serqirra hamkorlik barcha sohalar, jumladan, madaniyat va san’at yo‘nalishida ham izchil rivojlanayotganini ta’kidladi.
Genri Mur – Buyuk Britaniyaning XX asrdagi atoqli rassomi va haykaltaroshlaridan biridir. Uning ijodiga mansub asarlar hayotiyligi, zamonaviyligi va tabiatga yaqinligi bilan ajralib turadi. Ijodkor asarlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarida namoyish etilgan. Rassom ijodida ona va bola, xotin-qizlar obrazlari alohida o‘rin tutadi.
Video-gid ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarga Genri Murning namoyish etilayotgan asarlari va ijodidagi asosiy mavzular haqida ingliz tilida ma’lumot bermoqda.
Izoh (0)