Qamashi tumanining tog‘li hududidagi qishloqda yashovchi yigit 2014-yilning mart oyida tomorqasiga har xil turdagi gul urug‘larini sepdi. Bir qaraganda, uning bu ishiga havas qilish mumkin edi, deb yozadi “Uz24.uz” “Huquq” gazetasiga tayanib.
Ota-onasi ham o‘g‘lining bu ishidan mamnun edi. Ko‘p o‘tmay gul urug‘lari nish urib, birin-ketin bo‘y ko‘rsatdi. Yigit ularga razm solarkan, orasida boshqa gullarga o‘xshamaydigan nihollar borligini sezdi. Buning nima ekanligini u juda yaxshi bilardi. Aslida-ku, bu nihollar uni sergak torttirishi, o‘sha zahotiyoq ularni ildizi bilan qo‘porib, yo‘q qilib tashlashi mumkin edi. Ammo bunday qilmadi.
U tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan 25 tup nasha o‘simligini boshqa gullardan ajratib, idishlarga ko‘chirib o‘tqazdi. Ularni kelgusida sotib mo‘may daromad topish maqsadida hovlining panaroq joylarida parvarishlay boshladi.
2014-yilning 17-may kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir jarayonida uning hovlisida 2 tup, molxonasi tomida tuproq to‘ldirilgan qoplar va metall qutilarga ekilgan jami 25 tup giyohvandlik o‘simligi parvarish qilib kelinayotganligi aniqlandi va bu giyohlar ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olindi. Sudga oid kimyoviy ekspertiza mazkur o‘simliklar nasha ekanligini aniqlab berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudi tomonidan yigitga ushbu qilmishi uchun 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh (0)